Otoskleroz ichki quloq suyak qobig‘ining o‘ziga hos kasalligi bo‘lib, yoshlarda ham ko‘p uchraydi va eshitish qobiliyatining tobora pasayib borishi bilan ajralib turadi. Kasallik ikki tomonlama bo‘ladi. Uning kelib chiqishi to‘g‘risida turli fikrlar bor, lekin to‘liq ma’lumot yo‘q. Kasallik yosh ayollar orasida ko‘proq uchrab, bu homiladorlik va tug‘ish davrida eshitish qobiliyatining keskin pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kasallikning boshlanishida ichki quloqning suyak qismida o‘zgarish kuzatiladi, ya’ni qattiq suyakning ba’zi joylari qalin spongioz to‘qimaga aylanadi. Bunday holat kuproq yasen darcha sohasida, so‘ngra chig‘anoq uchida va ichki eshituv yo‘li atrofida kuzatiladi. Yasen darcha atrofida paydo bo‘ladigan spongioz o‘zgarish uzangiga utadi va ohirida uzangi yassi darchaga yopishib, uning harakatini izdan chiqaradi. Bemor eshitishi borgan sari pasayib borayotganidan va qulogi shang‘illashidan shikoyat qiladi. Quloqni tekshirga tashqi eshituv yo‘li keng, unda aytarli quloq kiri bo‘lmaydi va nog‘ora parda o‘zgarmagan bo‘ladi. Eshitish qobiliyatini tekshirib ko‘rganda, dastlab tovush o‘tkazuvchi bo‘limning buzilganini ko‘rish mumkin, keyinchalik kasallik rivojlanib, chig‘anoqda ham o‘zgarish yuz beradi, bunda tovush qabul qiluvchi bo‘lim ham buziladi. Kasallikning 3 xil: timpanik, aralash va koxlear shakli tafovut qilinadi. Kamertonlar bilan tekshirganda kamertonning jarangli sadosi yomon eshituvchi quloq tomon yo‘naltiriladi. Rinne va Jelle tajribasi salbiy bo‘ladi. Kasallikni aniqlash quloqni ko‘zdan kechirish, eshitish kobiliyatini kamertonlar va audiometriya bilan tekshirish orqali olib boriladi.
Davolash. Dori-darmonlar bilan davolash yaxshi natija bermaydi. Jarroxlik yo‘li bilan eshitish qobiliyatini 80-90% tiklash mumkin.
|